Chorshanba, 2019-06-26, 5:06 AM
Главная
Регистрация
Вход
UzShou.CoM
Приветствую Вас Guest | RSS
Меню сайта
Категории раздела
Hikoyalar [26]
Qo'rqinchli Voqealar [0]
Qiziqarli Voqealar [0]
SeriaL Hikoyalar [0]
Har - Xil Maqolalar [0]
Har - Xil Real Voqealar [0]
Super Latifalar [0]
Qiziqarli Faktlar [26]
Наш опрос
Saytimizda kimning qo'shiqlari ko'p bo'lishini istaysiz ???
Всего ответов: 637
Мини-чат
Статистика

Onlinedagilar: 19
Mexmonlar: 19
Foydalanuvchilar: 0

Mashhur qo'shiqchining haqiqatlar
- Xola, sizni mashinaga o'tqazib
jo'natar ekanman... - Yulduz
jiyani eshikka birpas suyanib
turdi-da, shu xabarni aytdi.
Muborak aya bir qalqib tushdi.
- Qayerga, nega jo'natar
ekansan? - deb so'radi. Garchi
ichidan nima gapligini biroz
fahmlagan bo'lsa-da.
- Nozim akaning xotini telefon
qilibdi. Ayamga: "Yulduzga
ayting: "Neksiya"ga solib
qo'ysin. Uygacha olib kelib
qo'yadigan qilib gapirishsin,
pulini o'zimiz to'laymiz", debdi...
Muborak aya ichidan qalqib
kelayotgan tuyg'uning
quvonchmi, boshqami - nima
ekanini bilolmas, eshitilar-
eshitilmas gapirardi:
- Men nima qilarkanman u
yerda?
- Xola-ey, "jon" desangiz-chi,
odamlar pul sarflab kiryapti.
Kimsan Nozim Samandarning
konserti-ya? Sizning o'rningizda
bo'lsam... - Yulduz shunday
dedi-yu u yog'iga tilini tishladi.
Muborak aya uning: "Urug'-
aymog'imni ergashtirib borar
edim", demoqchi bo'lganini,
keyin nimaga bu gapni
aytolmaganini ham tushundi.
Yulduz Nozim bilan bog'liq gap-
so'zlarni faqat ayasidan -
Muborak ayaning singlisidan
eshitgan, xolos. Lekin baribir
o'rtadagi sovuqchilikni biladi.
- Ha, mening o'rnimda bo'lsang
janjalqishloqdan bir qadam
jilmay, tovuqlaringga "kisht-
kisht" deb o'tirarmiding? -
Muborak ayaning aslida o'zidan
achchig'i chiqayotgan edi.
Yulduz baribir yosh emasmi,
xolasining nimaga qizarib-
bo'zarayotganini uncha
tushunmadi.
- Muncha lovullaysiz, xola?
Nozim aka sizni qo'sh qo'shib,
bug'doy ekishga chiqarayotgani
yo'q-ku. Konsertiga taklif
qilyapti...
- Kelin "Konsertga" dedimi?
- Yaqin qoldi-ku konserti,
boshqa nimagayam chaqirardi?
Har holda bolalariga o'n kun
enagalik qilishga chaqirmas.
Hozir ketmonining uchib turgan
payti. Og'zining shamoliga kelsa
kerak enaga deganlar...
Muborak aya indamadi. Bir
nuqtaga qaragancha jim qoldi.
Yulduz ham xolasidan nimadir
kutgandek birpas indamay
turdi-da:
- Xola, qachon tayyor bo'lasiz?
Bekatga qachon chiqarib
qo'yay? - deb so'radi.
- Aytarman, qo'shnining
bolasidan telefon qildiraman.
- Ha, mayli... - Yulduz sal
nariroqqa bordi-da: - Xola,
Nozim akaga telefon oldiring,
qanday foydalanishni ham
o'rganib keling. Bu zamonda
ko'chama-ko'cha yuradigan
lo'lilarda ham telefon bor. Hadeb
qo'shnining bolasiga: "Telefon
qilib ber!" deyaverish ham uyat.
Kimsan Nozim Samandarga
tegishli odamsiz!
Muborak aya jiyaniga bir baqirib
alamidan chiqmoqchi bo'ldi-yu,
indamadi... Zotan, unga indab
baraka topmasligini ham biladi.
* * *
Yo'lning shunisi yaxshi.
Yoningda o'zingga o'xshagan
kamgap, hayot tashvishlaridan
toliqqan odamlar hamrohlik
qilsa, yo'l hayol surish uchun
eng qulay imkoniyat. Muborak
aya ham mashina oynasiga
yuzini bosganicha birpas
yashillana boshlagan
kengliklarni tomosha qilgan
bo'ldi. O'zi tabiatni yaxshi
ko'rardi. Shuning uchun
Nozimning rahmatli dadasiga
tegishga rozi bo'lgandi.
- Yerlari, mol-qo'ylari bor ekan.
Azaldan: "Uchastkaga
tushmadim, maysalarga
oyog'imni bosib yurgim keladi",
deb armon qilgan eding.
Armoning ushaladigan bo'ldi, -
deyishdi o'sha qarindoshlari
janjalqishloqqa olib
kelishganlarida.
Hozir kengliklarga, osmonda
uyur-uyur bo'lib yurgan
qoramtil bulutlarga qarab ham
Muborak ayaning ko'ngli
ochilmadi. Nozim uni nimaga bu
qadar qistalang chaqirdi? Kelin
o'z izni bilan shu ishni qilmaydi.
Eridan buyruq bo'lsagina
bajaradi. "Erimning bolasi
(Muborak aya bo'lib o'tgan
shuncha ishlardan so'ng uni
"o'g'lim", deya olmas,
shuningdek, Nozim ham "aya"
demas edi) meni ko'pchilikning
o'rtasida sazoyi qilmoqchimi?
Nima deb sazoyi qiladi?
... Muborak ayaning oyog'i osti
qizib, qulog'i shang'illay
boshladi. Dori ham ichdi... Yana
xayol o'jar lashkarlarday
bostirib kela boshladi.
... Muborak (o'sha paytlari uni
shunday atashar edi) yetti yil
farzand ko'rmagach, ota uyiga
qaytib keldi. Uni hech kim
haydamadi. Erining og'zidan
"taloq" so'zi uchmadi. O'zi, o'z
ixtiyori bilan "yor-yor"lab
borgan ostonasidan qaytib
chiqdi.
- Men o'g'lingizning baxtini
bog'lashga haqqim yo'q. U
kishining ota bo'lishga haqqi
bor, - dedi. U shunday
o'tmoqchi edi. Farzandli
ayollarga - baxtiyorlarga havas
qilib... Lekin eri ichib:
- Jigarim kuyib ketyapti,
Muboraksiz qanday yashayman?
- deya gandiraklab yurgani
uchun Nozimning dadasiga
"xo'p" deb yubordi. Ona o'lgan,
besh oylik chaqaloq Nozim uch
yosh...
... Muborak: "Bolaga zorman-ku,
Xudo menga ikkita o'g'il berdi",
deb umidlanib kelgan bo'lsa-da
ozib ketgan, ikkita katta-katta
ko'zdan iborat go'dakni ko'rib
vahimaga tushdi. Go'dak har
kimlarni emganidanmi, vaqtida
ovqatsiz, parvarishsiz qolib
ketganidanmi yo bedavo
dardga uchragan onasidan
qandaydir illat o'tganmi tinmay
ichi ketardi. Do'xtirlarning
aytganini qilib, dori ichirdi.
Tabiblar aytganini qildi, birpas
to'xtagandek bo'lardi-yu yana
qaytadan boshlardi. Umrida
bunaqa ishni qilmagan
Muborakning qo'li shiptir
yuvishdan bo'shamas, ko'ngli
ag'darilar, o'zidan-o'zi
jirkanardi. Yegani ichiga
tushmasdi. Buning ustiga eri
ham unga ko'p ro'yxush
bermasdi. Erining qarindoshlari:
- Rahmatli Fotimaga mehri
boshqacha edi, bir piyola choyni
bo'lak ichmasdi. Qismat ekan,
peshonasiga sig'madi. Manavi
javdirab turgan qorako'zlari
bo'lmasa dunyodan toq o'tardi,
- deya ko'nglini battar ezishar
edi. Samandar bir hovuch suyal
bo'lib qoldi. Otasi adirma-adir
yurar, qishloqqa kiyim
almashtirgani tushganida:
- Xotinisan-ku, ona bo'lmasang
ham, bir chorasini top, bola sob
bo'lyapti-ku, - deya do'qlab
ketdi. Nozimni qarindoshlariga
qoldirib, shifoxonaga yotdi.
Do'xtirlarning oyoq-qo'lini
teshib baravar bergan bir
nechta ukolni ko'tara olmadimi
yo o'zi chindan ham kuni bitgan
ekanmi, Samandar shifoxonada
jon berdi. Uyga yig'i-sig'i bilan
kirib kelganida otasi Nozimning
ko'zicha:
- Bolani ataylab o'ldirding.
Do'xtir bilan kelishib,
o'ldiradigan dori bergansan, -
deb baqirdi.
Qarindoshlar "hay-
hay"lamaganda eri uning
sochlarini yulardi. Muborak
bolaning tuprog'i sovugach,
uyiga qaytmoqchi edi. Lekin
yozug'ida shu uyda qolish
yozilgan ekanmi, cho'pon tunda
adashgan qo'ylarini axtarib
yurganida xayol bilan dovdirab,
jarga uchib jon berdi.
... Shu-shu Muborak "aya"ga
aylanib bu uyda qolib ketdi.
- Sizni deb shu qishloqqa kelin
bo'lishga rozi bo'lgandim. Meni
tashlab ketasizmi? - dedi
singlisi.
- Nozimning injiqliklariga parvo
qilmang, bolaga oson tutmang.
Otasi, onasi, ukasidan ajraldi,
ko'ngliga yo'l toping, - deyishdi
qarindoshlari. Muborak aya
harakat qilmadimi? Qilldi.
Bolaning sal esi kirgach:
- Nozimjon, ota-onag,
ukangning o'limida sening ham,
mening ham aybim yo'q.
Xudoning irodasi bu. Endi bir-
birimizga suyanib yashaylik, -
deb ko'rdi. Yo'q, Nozim
ochilmadi. Pishirgan ovqatni
yemas, qayerlardadir qornini
to'ydirib kelar, kiyimlarini
yuvgani olsa, qaytarib olar,
qarindoshlarigami,
o'rtoqlarining onalarigami
yuvdirib kelardi. Muborak "bor-
rey" deb qo'l siltagisi kelar,
gohida joniga tekkanida bolani
kaltaklab xumoridan chiqqisi
kelardi. Yoki hammaning yuziga
eshikni ters yopib birorta
erkakka ergashib ketsammi,
deb o'ylardi. Lekin na unisini, na
bunisini qildi. Shaharda bolalar
bog'chasida tarbiyachi bo'lib
ishlagan edi, qishloq rahbaridan
ish so'rab chiqqanida shu
asqotdi. "Tarbiyachilikka joy
yo'q, o'qiganlar bor,
xohlasangiz, oshpazga
yordamchi bo'ling", deyishdi.
Muborak aya "jon" deb rozi
bo'ldi. Nozim xuddi ijara uyda
yashagandan kelib-ketar,
Muborak aya uning
qo'rsliklariga chidar, yesa-
yemasa, ovqat qilar, bersa-
bermasa kiyimlarini yuvishga
tutinar edi. Bir kuni qo'radagi
ikki echki birdaniga yo'qolib
qoldi, Nozimning karovati
tepasida rubob paydo
bo'lganidan bildiki, u echkini
sotib shuni xarid qilgan.
Muborak aya hech narsa
bo'lmagandek dutorni
ting'irlatib o'tirganida xonasiga
kirdi.
- Dutor chalging keladimi? Men
seni musiqa maktabiga
beraymi?
- Kerak bo'lsa, o'zim kirib
olaman, - dedi.
* * *
... Muborak aya shaharga yetib
kelganida oqshom tushgan,
shahar ko'chalarida chiroqlar
yulduzdek charaqlardi. Odamlar
gavjum, qayerlardandir musiqa
ovozi eshitilar edi. Garchand
Yulduz: "Ko'chasiga burilgach,
haydovchiga qo'ng'iroq qildirar
ekansiz, xotini pul olib chiqar
ekan", deb tayinlagan bo'lsa
ham Muborak aya haydovchi
bilan o'zi hisob-kitob qildi.
Hashamatli darvoza oldida
ancha turib qoldi. "Nimaga
keldim o'zi?" deb yuragi siqildi.
Orqasiga qaytib ketgisi keldi.
Lekin bo'lar ish bo'lgan edi,
qo'ng'iroqni bosdi. Avval "ship-
ship" etgan qadam tovushi
eshitildi, so'ng "Kim?" degan
cho'ziq savoldan so'ng
Muborakning ovozi eshitilgach,
darvoza ochildi. "Xizmatchi
tutishibdi, puli ko'paygandan
keyin shu-da". Muborak aya
istar-istamas xizmatchi ayolga
ergashdi.
- Voy, aya, nega qo'ng'iroq
qilmadingiz? Yulduzxonga
tayinlagan edim-ku, yaxshi
keldingizmi? Yo'lda
qiynalmadingizmi?
Kelini birpasda sochiq, shippak
tutdi. Ko'rpacha solib, dasturxon
tuzadi. "Mayli, yolg'ondan,
rostdan bo'lsa-da, shu kelin
tuzuk. Kelganidan buyon ko'prik
bo'lishga harakat qiladi. Ammo
buning imkoni erining istagidan
chiqolmaydi..."
Muborak aya yostiqqa o'zini
tashlagisi kelsa-da, biroz
tortinibroq o'tirdi. Qimmatbaho
chinni piyoladagi asalrang
choyni bir-ikki ho'pladi.
- Hamma tinchmi, ayajon?
Xolalarim, boshqa qarindosh-
urug'lar?
- Salom deb yuborishdi...
O'zingiz, toy bolam, Nozimjon... -
Muborak aya so'nggi ismni
baribir qiynalib aytdi.
- Hammasi yaxshi. Ertaga
Nozimingizning yakkaxon
konsertining birinchi kuni.
Senariy bo'yicha Nozimingiz
sizga guldasta berib, "Ona"
ashulasini aytishi kerak ekan...
"Ah-ha, rol o'ynab bergani kerak
bo'libman-da... Ona roliga artist
topishsa bo'lardi", Muborak aya
shunday demoqchi bo'ldi-yu
tilini tiydi. Axir, harna bo'lsayam,
ona o'rnida o'tiribdi-ku!
... O'shanda Nozim "o'zim" deb
qo'rslik qilgan bo'lsa-da, uni
maktabning yonida ochilgan
musiqa to'garagi muallimiga
olib bordi. To'g'rirog'i, muallim
bilan gapirishdi.
- Bolaning fe'li chatoq, lekin
iste'dodi bor, o'zingiz sinab
ko'ring, yordam bering, - dedi.
- Opa, bolada juda katta iste'dod
bor. Uni to'g'ri yo'lga solib
tarbiyalash kerak ekan, xolos, -
dedi muallim.
- Men nima desangiz,
tayyorman.
- Agar ozmi-ko'pmi xarajatidan
qochmasangiz, men uni tuman
markazidagi maxsus internatga
olib borib beraman.
Muborak aya jon deb ko'ndi.
Maoshidan bir qismini berib
turdi. Iste'dod ham yarim baxt
ekan. Nozimning ovozi ochildi,
peshonasi yarqirab ketdi. Avval
konservatoriyada o'qidi. So'ng
ustozlar nazariga tushdi.
Nozimning ustozi faqat ilm
berib, katta sahnalarga
yo'llabgina qolmay, qizini ham
berdi, uy-joy hadya etdi.
- Yetim bolaning tolei bor ekan,
- deyishdi qishloqdagilar.
Muborak aya bir paytlar ikki
ko'zini nafratga to'ldirib chiqib
ketgan bolaga ortiqcha
yaltoqlanmadi. Faqat:
- Shu bola odam bo'lsa, bas!
Men undan hech narsa ta'ma
qilmayman, - der va oyma-oy
Nozimga maoshidan pul
yuborardi. Avval bu ishni
o'qituvchisi orqali qildi, so'ng
pochtaga yukladi bu vazifani.
O'qituvchisi bir nima deganmi,
bola keyinchalik pulni
qaytarmadi... Nozim Samandar
(marhum ukasining otini ismiga
qo'shib olgani uchun Muborak
aya uni hanuz ko'ksida alam
bilan yashaydi, deb o'ylaydi)
bo'lib shuhrat qozona
boshlagach ham Nozim
qishloqqa kam kelardi.
- O'g'lingiz manday ashula
aytdi...
- Unaqa chiqdi, bunaqa chiqdi, -
deyishsa, labining bir cheti bilan
kulib qo'yardi. O'zi Nozim bilan
sovuq munosabatini birovga
doston qilmaganidek, bola ham
gap aytmas ekan, shekilli, hech
kimdan qattiq-quruq gap
eshitmadi. Bir-ikkita qarindosh-
urug', tengdoshlarining ota-
onalari ham og'zi mahkam
odamlar ekanmi yo endi katta
odam bo'lib Nozimning aqli
kirar deyishdimi, ortiqcha gap
qilishmadi. O'gay ona bilan o'g'il
orasidagi munosabat haqida
gap-so'z bolalamadi. Manavi
kelin tushgach, Nozim qishloqqa
bir-ikki borib, qariyalarni
chaqirib xudoyi qildi. To'yiga
aksiga olib, Muborakning
radikuliti qimirlatmay yotgan
edi, kelolmadi. Onasini o'rtaga
chaqirganlarida o'z xolasi
chiqib, aybi yopilgan edi. "Bu
safar ham xolasi kelsa bo'lardi,
kim bilib o'tiribdi..." Muborak
aya ichida kelinga javob
qaytardi.
* * *
- Ayajon, hozir tikuvchi keladi.
Sizni yasantiramiz...
- Ayajon, mana bu atirni sepib
oling...
- Ayajon, bittagina uzuk... Shuni
taqing...
Muborak aya kelinining
aytganlarini beixtiyor bajarar,
lekin hanuz: "Nega? Buncha
tayyorgarlik nima uchun?"
degan savolga javob topa
olmasdi. Bular go'yo bir o'yin
o'ynayotgandek edi. Goh:
"To'xtatinglar hammasini,
menga tushuntirib beringlar,
nima bo'lyapti?" deb baqirgisi
kelardi. Goh: "Oxirigacha kut,
Muborak!" deya o'zini o'zi
bosardi.
... Konsert boshlandi. Zalda
chiroqlar yondi. Ming-ming
tomoshabinlar... Sahna gullar
bilan bezatilgan... Boshlovchi
gulduros qarsaklar ostida
chiqib, xushovoz xonanda
Nozim Samandarning konsertini
boshlab, ilk ashulasini e'lon
qildi. O'g'ilchasi jajji Kozimbek:
"ad-da"lab sahnaga qo'lini
cho'zdi. Qaynotasi, qaynonasi,
kazo-kazo san'atkorlar...
Muborak aya ashuladan
ashulaga ovozi ochilayotgan,
o'zini erkin tutayotgan Nozimni
tinglar ekan, uning chindan
ham shirali, jozibador ovozi
borligini sezdi.
- Azizlar! Shoirni shoir, hofizni
hofiz, insonni inson darajasiga
ko'targan bir zot bor, bu - Ona!
Hech qaysi iste'dod egasi onani
chetlab o'tib, yulduz bo'la
olmaydi. Dunyoning eng baland
cho'qqilariga boshlaydigan yo'l
ona yuragidan o'tadi... -
Boshlovchining ovozi
Nozimning:
- Ona, onajonginam... - degan
nolasiga qo'shilib ketdi.
- Turing, ayajon, turing, Nozim
akam hozir sizga guldasta
tutadilar... - Muborak aya
qulog'ida kelinining ovozini
tuydi. O'rnidan turdi. Nozim
quchog'ida bir dasta oppoq oq
atirgullar bilan:
- Ona, onajonginam... - deya
nola qilgancha unga taraf
kelardi... Muborak aya egilmadi.
Nozimning o'zi egilib, gullar
bilan birga ayani quchoqladi.
Muborak ayaning o'pkasi
og'ziga tiqildi. Nozim uning
bag'riga singib borar: - Ona,
onajonginam, - deya shivirlardi.
Muborak aya Nozimni bag'riga
bosdi. Uni to'rt, besh yoshlarida
bag'riga bosgan, keyin
yaqinlashtirmagan edi.
Peshonasidan o'pdi. Ikkovi
quchoqlashib turar ekan,
odamlar tikka oyoqda turib
qarsak chalishar, sozandalar
ezib-ezib kuy chalishar edi.
* * *
- Aya, men... o'sha paytlardayoq
"aya" degim kelardi... Sizning
yaxshi inson ekaningizni
bilardim. Biroq ichimda bir
narsa: "Azob ber shu ayolga,
onangning o'rniga keldi" deb
qutqu solardi... Yil o'tgani sayin
bildimki, insonga ona kerak
bo'lar ekan. Cho'ntagim to'la
pul, do'st-yorlarim atrofimda,
qaynotam-qaynonam... Lekin
ko'nglim men taraf bo'ladigan
bir odamni doim qo'msadi. Siz:
"Nozim mening ozmi-ko'pmi
pullarimni oldi, shunga o'zini
qarzdor hisoblayapti", demang.
Rost, o'z vaqtida bu pullar
menga asqotdi. Lekin men endi
onasizlikka chiday olmay
qoldim. Onasiz ko'ngilning
butun bo'lishi, onasiz qalbning
parvoz qilishi qiyin ekan.
Odamlar seni sevib turganda, bu
sevgini aytgani, kimdir senga
hasad qilganida ko'zmunchoq
bo'lgani ona kerak ekan.
Ehtimol, onasi yo'qlar xayol,
xotiraga suyanar... Men ham
xotiraga suyanmoqchi bo'ldim.
Lekin ko'z oldimga
Samandarning ishtonchalarini
yuvib osayotgan, Nozimjon, kel
suting sovimasin ichib ol,
deyayotgan siz kelaverdingiz.
Men onali bo'lgan ekanman-ku,
yillar davomida buning qadriga
yetmagan ekanman, o'zimni
onasizlikka mahkum etgan
zolim bo'libman. Men shuning
uchun sizni chaqirdim...
Nozim endi tortinmas, ko'pchilik
ichida uning bag'riga kirib,
yo'lini ochib olganidanmi,
qo'llarini ushlab, peshonasiga
surtar, tinmay gapirardi:
- Xudo kimnidir onadan,
kimnidir boladan judo qiladi.
Lekin biz nega bir-birimizni
o'zimizdan judo qilaylik? Axir,
taqdir bizni ona-bola qilgan-ku...
Men chin dildan aytiyapman bu
gaplarni... Bu gaplar doim
ichimda bo'lgan... Hatto, o'sha
sizni qiynagan sarkash
paytlarim ham... Siz esa
chidagansiz...
Muborak aya indamadi.
... Yaqinda bir sandiq
titkilaganda bir paytlar
bolalariga deb sotib olgan
ko'zmunchoqni topib olgan edi.
Kichikrog'i Samandarning,
kattasi Nozimniki... Ammo ularni
berolmagan edi. Hozir shuni
cho'ntagidagi
dastro'molchasidan oldi-da
Nozimga tutdi:
- Bu sizning ko'zmunchog'ingiz
edi... Bolaligingizda olgandim, -
dedi. Keyin: - Avvalo Xudo
asrasin, - deb qo'ydi. Uning
ovozi yelkalaridek titradi.
Oyyunus
Категория: Hikoyalar | Добавил: Voybu (2019-06-13)
Просмотров: 16 | Теги: Mashhur qo'shiqchining haqiqatlar | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Вход на сайт
Логин:
Пароль:
Поиск
Друзья сайта

| WwW.UzShou.CoM © 2019 | |